730 KUN
Шрифт:
Bir oyga yaqin davom etgan amaliyotdan qaytishganida, Bondarchukni, harbiy xizmatga yaroqsizligi uchun, uyiga qaytarishayotgandi. Biqiniga sanchilgan oskolka bir emas, balki ikkita bo‘lib, bittasini jarrohlar olib tashlagan, ikkinchisini esa, “asab tolalariga yaqin bo‘lgan nozik joyda bezarar turibdi, endi u bilan umring oxirigacha kelishib yashashga majbursan”, deb aytishgandi.
Marhum Astashovning ko‘rpa-to‘shaklari, o‘z urfimizga binoan, bir muddat bo‘sh turdi. AKSU avtomati esa, eng yaqin do‘sti sifatida Baxtiyor Suyarqulovga topshirildi.
Dushmanning bolasi ham dushmanmi?
Jangchilar o‘rtasida menga yoqqan shunday bir an’ana bor ediki, bu yillar osha saqlanib, uni yosh askarlar ham, hamon davom ettirib kelmoqda edilar. Bu – harbiy amaliyotga ketish chog‘ida va undan qaytishdek quvonchli onlarda, yo‘l chetida nimaningdir umidida turgan afg‘on bolakaylariga sovg‘alar ulashish edi. Bu holat jangga ketayotganimizda kamroq, qaytayotganimizda esa ko‘proq yuz berardiki, buning sababi ayon: borishda oziq-ovqatimizni tejaymiz, qaytishda esa o‘zimizdan orttirganlarimizni bolakaylarga tarqatamiz.
Shunday farahbaxsh kunlardan biri. Alixeyl amaliyotidan Gardez shahrining chekka ko‘chalari bo‘ylab qaytyapmiz. Yo‘l chetida to‘p-to‘p bo‘lib turgan bolakaylarga kimdir non, kimdir shirinliklar, yana kimdir konserva mahsulotlaridan uloqtirib kelmoqda.
– Baxshish davay, baxshish davay, – degancha pushtun va rus tillari qorishmasida baqirayotgan bolalar ovozi harbiy texnikalar shovqini ostida yo‘qolib ketar, sovg‘aga erishganlari xursand, o‘ljani qo‘ldan chiqarmaslik maqsadida o‘zini tezda to‘dadan chetga olar, sovg‘a tegmagan alamzadalar esa sherigining qo‘lidagidan umidvor bo‘lib unga tashlanib qolishar va hatto o‘zaro tortishib qolishgacha ham borishardi.
Ayrim joylarda esa bolalarini yo‘l chetidan olib ketishga besamar urinayotgan paranji yopingan ayollar ham ko‘rinib qolishar, erkaklar esa deyarli ko‘rinmasdi.
Yonimda o‘tirgan Jenya, qo‘lidagi bir quti pechenyesini namoyishkorona aylantirgancha uloqtirayotganda unga qistirib bog‘lab qo‘yilgan granata zapaliga ko‘zim tushdi.
– Nima qilyapsan, Jenya, – degancha qo‘lidagini uloqtirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldim. Afsuski, ulgura olmadim. Uning qo‘lidan ozod bo‘lishi bilan ochilgan saqlagichning “shirq” etib chiqargan ovozi texnikalar g‘ovuri ichidan-da quloqlarimgacha yetib keldi.
Portlovchi pechenye havoda uchib borar ekan, “baxshish”umididagi besh-olti nafar bolakaylar uni tutish ilinjida bir-birovlarini quvlagancha u tomon intilishdi. Buni xuddi futbol maydonida burchakdan tashlab berilgan to‘pga egalik qilmoqchi bo‘lgan o‘yinchilar holatiga o‘xshatish mumkin edi.
Lekin pechenye hech kimning qo‘liga tushmasdan o‘tib, eng orqada qolgan, yosh jihatdan tengqurlaridan kichikroq bo‘lgan bolaning panjalari orasiga tushdi va o‘zini ortga tashlab, pechenye ushlagan qo‘llarini ko‘kragi bilan bosgancha yerga yiqildi. Sheriklari uning qo‘lidagiga egalik qilish uchunmi, yoki “o‘yinga” qiziqib ketganliklaridanmi o‘zlarini uning ustiga otishdi. Shu damda “paq” etgan tovushni eshitdim va biz ketayotgan mashina yo‘l chetidagi uy yoniga yetishi bilan uning tomi bizni voqea joyidan to‘sib qo‘ydi. Shu sabab “o‘yin”ning oxirini ko‘rolmadim. Balki ko‘rmaganim yaxshi bo‘lgandir.
– Bu nima qilganing, Jenya, axir bular bolalar-ku, – deya uning ko‘zlariga qaradim. Unda o‘z qilmishidan pushaymonlikni emas, balki dushmanidan o‘ch olgandek sovuq yiltillashni ko‘rib, etim jimirlab ketdi.
– Dushmanning bolasi ham dushman, -dedi sovuq iljayib.
– Juda xunuk ish qilding, bu javobsiz qolmaydi, – endi uning sovuq yuziga qaragim kelmas, unga qarshi aytolgan so‘zlarim faqat shu bo‘lgandi.
“O‘yin”ning oxirini ko‘rmagan bo‘lsam-da, u norasida bolaga qanchalik jiddiy jarohat yetkazganini tasavvur qila olardim. Bir necha oy burun, xizmati tugab, uyga qaytishiga bir-ikki hafta muddat qolgan bir askar postda turib, bekorchilikdan o‘zini chalg‘itish maqsadida granata zapalini o‘ynab qo‘lida ochib qo‘ygan holatini hali yodimdan chiqarganim yo‘q. Granata zapalining o‘zi uning o‘ng qo‘lini uzib ketgan, ustiga- ustak, kichik oskolkalari yuziga va ko‘ziga tekkandi.
O‘zlariga gap tegishidan qo‘rqqan boshliqlar uni “jang paytida qahramonlik ko‘rsatib qattiq yaralandi” qabilidagi soxta ma’lumotlar bilan mukofotga tavsiya qilib gospitalga jo‘natishgandi. “Zapal portlashi xavfli emas, granata qobig‘i bilan portlashi xavfli, ”-deb noto‘g‘ri tushungan bir yigit mayib-majruh bo‘lib uyiga qaytgandi.
Gardez shahri tinch aholi yashaydigan maskan hisoblanar, bundan bir necha yillar ilgari panadan qo‘rqinch bilan mo‘ralaydigan bolalar hozirda do‘stona “baxshish” so‘raydigan darajaga kelishgandi. Shu birgina nojo‘ya harakat qanchadan-qancha ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Tinchlik o‘rnatish niyatida kirgan qo‘shinning barcha harakatlari shu birgina bolalarcha “sho‘xlik” tufayli havoga sovurilishi mumkin edi. Ular “intiqom”ni uzoq kuttirishmadi: o‘sha kuni kechqurun shlagbaumda turgan soqchini otib ketishdi.
Vafoni sotish mumkinmi?!
Men uchun “dembel”gacha bo‘lgan masofa hali juda uzoq, “ded”lar tilidan aytadigan bo‘lsam “polzkom do Ameriki”, ya’ni, Amerikagacha emaklab borishga yetadigan vaqt bor edi.
“Ded”lar uyiga qaytadigan vaqti yaqinlashgani sayin muloyim tortib o‘zini avaylaydigan, bo‘lar bo‘lmas “sarguzashtbozlik”lardan o‘zlarini chetga tortadigan bo‘lib qolisharkan. “Avaylagan ko‘zga cho‘p tushar” deb bejiz aytilmagan.
Faqat tungi tekshiruvlardagina ko‘rinib, qolgan vaqtini ofitserlar kamdan-kam qadam ranjida qiladigan uchinchi vzvod hududidagi “bungal” 8 da o‘tkazadigan N. N. va K. N. lar bilan shunday ko‘ngilsizlik yuz berdiki, ular umrining oxirigacha ham o‘zini kechira olmasa kerak. Uyga qaytishiga besh-o‘n kun qolgan askarlarga ofitserlar ham ortiqcha topshiriq berib o‘tirmas, jangovar amaliyotlarga ham, imkon darajasida, jalb qilmaslikka harakat qilishardi. Ularning bu kabi ehtiyotkorliklarini suiiste’mol qilgan holda “bungal”dan panoh topgan N. N. va K. N. zerikib, vaqt o‘tkazish va “dembel”ni nishonlash maqsadida feyerverk uyushtirishgan. Lekin bu maqsadda ishlatiladigan raketachalar yo‘qligi aniq. Ixtiyorimizga beriladiganlari esa “jangovar” raketachalar edi. Ya’ni ular tunda yoritish uchun mo‘ljallangan –yorituvchi va signal berishda ishlatiladigan –qizil, yashil rangli olov chiqarib uchadigan raketachalar bor edi, xolos. Ularni ko‘p martalab ishlatib ko‘rganman, osmonga qaratib otsang, vizillab ikki-uch yuz metrlar yuqoriga chiqib boradi-yu, so‘ng chaqnab pastga sho‘ng‘ishni boshlaydi. Lekin bu bilan kimni ham lol qoldirarding…
8
Bungal-jangovar pozitsiyadagi yarim yerto‘la.
Bosh qotirib o‘zicha “kashfiyot” qilgan N. N. yorituvchi raketani “Ochish mumkin emas” deb yozilgan qog‘ozini olib tashlab, trubka ichidan sug‘urib olingan kichik parashyutchani o‘rniga portlatishda ishlatiladigan detonatorni shunday joylab qo‘ydiki, porox kuchi bilan yuqoriga chiqib olgan raketacha yonib, parashyut yordamida sekin pastga tushish o‘rniga, o‘sha joyda portlab atrofga olovli tig‘larini sochishi, bu esa qorong‘u tunda feyerverk bo‘lib ko‘rinishi lozim edi. Nazariy jihatdan yaxshi o‘ylangan. Endi amalda sinab ko‘rish qoldi, xolos.
Ilk “namuna” tayyor bo‘ldi. N. N. uni iltifot bilan do‘stiga uzatdi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. Xuddi reja qilinganidek chiroyli olovli guldasta taqdim qilgan “namuna”dan so‘nggisi bir zumda tayyorlandi. Endigi otish navbati o‘ziniki. Chap qo‘lidagi raketachani boshi uzra ko‘tarib, o‘ng qo‘li bilan ilgagini tortishga shaylangan N. N. ikkinchi vzvoddagilar ham bu tomoshadan bebahra qolishlarini istamadi va g‘olibona qichqirdi:
– Qaranglar va havas qilinglar!
Ilgak tortildi. Lekin raketacha, vizillab ko‘kka o‘rlashdan, joyida yonishni afzal ko‘rdi. N. N. uni o‘zidan uzoqlashtirishga ulgurolmadi.