730 KUN
Шрифт:
U boshini qimirlatgan ko‘yi, tushunganligini bildirdi.
–Shundan keyin, Valera, seni bir soat vaqting bo‘ladi.
–Tushundim, Ilya, senga rahmat, unutmayman, -deb ratsiyani qo‘yniga yashirganicha, shoshilib chiqib ketdi.
Petrovga yana bir marta uning “vazifasi” naqadar mas’uliyatli ekanligini tushuntirib, ratsiyadan foydalanish qoidalarini uqtirib, rosa qulog‘iga quyganimdan so‘nggina, unga “post ”ni topshirib, uxlashga yotdim…
Saharda uyg‘onib tashqariga chiqiboq, palatkamiz yonida terlab-pishib, changga botganicha o‘ra qaziyotgan Petrovga ko‘zim tushdi. O‘ra bir odam bo‘yi chuqurligida qazilgan bo‘lsa ham, u hansiragancha tuproqni boshi uzra uloqtirib, tinimsiz ishlardi.
“Hay-hay”lab to‘xtatib uni tergay boshladim.
–Senga nima bo‘ldi, esingni yedingmi? Bu o‘ra senga nega kerak? Kim buyurdi senga?
U savollarimga javob berib ulgurmasdan qo‘shni palatkadan yugurganicha Valeriy chiqib keldi.
–Qo‘yaver, kovlayversin. U bunga xizmat qilib erishdi. Meni ustimdan kulmoqchi bo‘lib, aldaganni jazosi – shu.
Nima voqea bo‘lganini sal-pal tushunganday bo‘ldim-u, lekin surishtirib o‘tirishga vaqt yo‘q. Chunki bu gaplar komandirning qulog‘iga yetsa bormi, men ham baloga qolishim aniq.
–Petrov, qo‘lingni ber, -deya uni chuqurdan chiqarib oldim va qo‘shimcha qildim:
–Tezda ko‘mib tashla o‘rani.
U ikkilanganicha, qo‘rqa-pisa, bir menga, bir Valeriyga qarab-qarab o‘rani ko‘ma boshladi.
–Meni qiyin ahvolga tushirib qo‘yishing mumkin edi, Valera, ha aytgancha, qani apparatlar?
Ratsiyalarni keltirib bergach, savolomuz nigohimdan ko‘zini olib qochgancha tushuntira boshladi:
–Ilya, bilasan, Valentinani sevaman. Uyga qaytgach albatta unga uylanaman. Bormasam bo‘lmasdi.
–Tushunaman, lekin o‘ra nima uchun?
–Meni kechir, jahlimni jilovlay olmadim, – deya bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.
Kobulning ichkari qismida joylashgan gospitalgacha bu yerdan anchagina yo‘l bosib o‘tishga, bir qismini esa mahalliy aholi turar joylari oralab o‘tishga, ham mahalliy aholidan (ular ham albatta, kulib qarshi olmasligi aniq), ham o‘zimizning patrullardan yashirinib ming bir azobda gospitalgacha yetib borgan Valeriyni ahvolini tushunsa bo‘lardi. Yetib borib navbatchilikda bo‘lgan qizni topib salom-alik qilishga ham ulgurmagan “Turist”ni “Gid” chaqirib qoladi:
““Turist” tezda qayt, “Turist” tezda qayt”. Valeriyning savollariga umuman javob bermagan Petrov bu so‘zlarni o‘nlab marotaba takrorlagan.
Aslida Petrov ham atayin qilmagan. Uchragan jangchining buyruq va “topshiriq”laridan qattiq toliqqan sho‘rlik Petrov uxlab qolib, uyqusida tush aralash ratsiyani ishga tushirib “topshiriq”ni sadoqat bilan bajargan. (Bu holni tom ma’noda haqiqiy galyutsinatsiya deyish mumkin). “Daryoga borib, suvsiz qaytgan” Valeriy esa bor alamini bechora Petrovdan olayotgandi…
Yer ostidagi shahar
Ko‘p o‘tmay jo‘nashga buyruq berildi. Kobul –Jalolobod yo‘nalishidagi Mohipar dovoniga yaqinlashganimiz sari bizga peshvoz kelayotgan, Hind daryosining o‘ng irmog‘i bo‘lmish Kobul daryosini o‘z bag‘ri orqali yetkazib berayotgan tog‘ o‘z salobatini ko‘z-ko‘z qilganday tobora haybatliroq ko‘rinib borardi.
Maktab davrida fototo‘garakka qatnab, bu borada ancha –muncha ko‘nikmalarga ega bo‘lib qolgandim. Kazarmaning bir burchagida hech kimga kerak bo‘lmay yotgan “Smena” fotoapparatiga ko‘zim tushdi-yu, guyoki u menga ”men seni kutib yotibman“ deyayotganday tuyuldi. Olib, tekshirib ko‘rdim. “Ishlaydi” deb yuklarimga qo‘shib qo‘ygandim.
Mana hozir shu narsa ish berib qoldi. Kolonna dovonga o‘rmalab chiqib borar, men esa urush davri og‘ir yukini unutganimcha, tabiat go‘zalligidan zavqlanib, suratga olardim. (Shu suratlardan ba’zilarini quyida keltirdim)
Dovon juda tik bo‘lib, inglizlar mustamlakasi davrida qurilib, uch-to‘rt joyidan tonnel o‘tkazilgan, ayrim joylarda pastdan to‘ldirib tosh terib ko‘tarilgan hamda keyinchalik biznikilar tomonidan o‘tkazuvchanligi ancha yaxshilangan yo‘llar, ajoyib manzara hosil qilardi. Dovonning narigi tarafida esa bundanda chiroyli manzara: atrofdagi archazorlar tobora qalinlashib borar, ora-sira palma daraxtlari ham ko‘zga tashlanib qolardi. Harbiy texnikalar shovqinidan qo‘rqib shoxdan shoxga sakrab qochib ketayotgan maymunni ko‘rdim-u, ko‘zlarimga ishonmay qoldim, ”nahotki, bu yerlarda maymunlar bo‘lsa?”. Ha, bu rost edi, Jalolobodga yaqinlashganimiz sari bunga tobora ishonchim komil bo‘la bordi. Chunki, katta maydonlardagi daraxtzorlar yoqalab o‘tarkanmiz, qiyg‘os ochilgan apelsin gullarining yoqimli hidi dimog‘imni qitiqlardi. Qishin-yozin yam-yashil bo‘lib yashnab turuvchi sitrus mevalar ham bunda ochiq maydonlarda o‘sardi. Ha, Nangarhor viloyatida joylashgan Jalolobod shahri bamisoli Hindistonni eslatardi. Shaharning shimoliy qismidan Kobul daryosi oqib o‘tadi, janubiy qismi esa biz oshib kelgan tog‘ tizmalariga tutashib ketgan adirliklarga taqalgan, g‘arbiy qismida esa pasttekislik, sharqiy qismi Pokiston chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan tog‘ tizmalari tomon yo‘nalgan adirliklardan iborat edi.
Bizga notanish harbiy qism yonboshidagi yam- yashil qirga joylashdik. O‘tkir bilan To‘ra ikkalasi Jalolobodga tushganligini aniq bilaman, lekin “qaerdan surishtirsam ularni” degan o‘y bilan o‘sha qismdagi askarlardan so‘roqlay boshladim, lekin biror kimsa ham “ularni taniyman” demas edi. Surishtirish asnosida bu yerda bir emas, balki bir nechta harbiy qism borligini bilib oldim. Lekin, surishtirish ishlari natija bermasdan burun “Qoratog‘” amaliyotiga jo‘nab ketdik. Shahardan sharq tomonga yo‘nalgan, Pokistonning Peshovar shahriga olib boradigan yo‘ldan taxminan o‘ttiz chaqirimlar yurganimizdan so‘ng o‘ng tarafga dala yo‘llari orqali harakatimizni davom ettirdik.
Qoratog‘ deganlari shu bo‘lsa kerakki, yo‘lning avval chap, keyinroq o‘ng tarafidan boshlangan tog‘lar tobora balandlashib borar, ayrim cho‘qqilarning rangi ham qoramtir bo‘lib ko‘rinardi.
“Xudo bersa quliga- chiqarib qo‘yar yo‘liga” deganlaridek, O‘tkir bilan To‘ra ham shu amaliyotga qatnashayotganligini tasodifan bilib qoldim. Lekin bu yirik masshtabli, armiya miqyosidagi amaliyot o‘tkazilayotgan hududdan ularni izlash- somon orasidan igna qidirish bilan barobar edi. Xuddi shu jangda O‘tkir yaralangan, To‘ra esa u yerdan qaytganidan so‘ng o‘tkazilgan amaliyotda minaga tushib bir oyog‘idan ajralganligi haqidagi xabarni esa yetti oydan so‘ng, O‘tkir bilan Gardezda uchrashganimizda uning o‘zidan eshitdim, xolos.
Qoratog‘ tomonga ancha yurganimizdan so‘ng, bir qishloq ko‘zga tashlangach, yalanglikda to‘xtab, joylashishga ham ulgurmasimizdan bizni o‘qqa tutib qolishdi. Qaysi tarafdan otishganini aniqlaymiz deguncha to‘pchilarimizdan ikkitasi yarador bo‘ldi.
Qishloq chetidagi uy tomiga oq bayroq tikilgan, tirik jon ko‘rinmaydi. Qiziq, qaerdan otishyapti ?
–Topdim!, – deya qichqirdi leytenant Monich, – qishloqdan o‘ng tarafdagi “zelyonka”dan!
To‘pchilarimiz o‘zlarini o‘nglab, zambaraklarini otishga shaylab olishlari uchun imkon yaratib berishimiz, ularni to‘sib turishimiz kerak bo‘lardi. BMP lar oldinga o‘tib daraxtzorga o‘q yog‘dira boshladi.