Allamjonov aybdor
Шрифт:
Hozirgacha nima ish qilsam, xuddi tepamda Furqat Zokirov aftini burishtirib, «Tahririyatdan haydayman!» deb o‘dag‘aylayotgandek tuyulaveradi. Hamma loyihalarim pishiq-puxta chiqishi shundan bo‘lsa kerak.
Furqat Zokirov meni haydab yuborgan «Davr» studiyasining montaj ko‘rikxonasi hamda «Davr tongi» dasturi ijodiy guruhi.
Lavhalarni hammadan yashirincha, eng asosiysi, direktorga ko‘rsatmasdan tayyorlashga to‘g‘ri kelardi. Kamerani yalinib olib, kechalari montaj qilardim. Shundayam televideniуeda bemalol ko‘rsatsa bo‘ladigan yaxshi material chiqardi. Masalan,
Keyin FVV3 haqida ko‘rsatuv tayyorladim. Binoyidek material bo‘ldi, shunchalik o‘zimga yoqqanidan FVV ofisiga borib, o‘zlariga ko‘rsatishga qaror qildim.
Peshona deb shuni aytsalar kerak: men «qaydasan FVV» deb yo‘lga chiqqanimda matbuot xizmati boshlig‘i kapitan Begmatov yangi tayinlangan vazir Botir Parpiуevning qabulida o‘tirib, dakki eshitayotgan bo‘lgan. Axborot xizmati ishlamayapti, vazifasini bajarmaydi, yangiliklar e’lon qilmaydi, televizorda ko‘rinmaydi… Kapitan Begmatov peshonasidan duv-duv oqayotgan terni ro‘molchasi bilan artgancha, boshi qotib o‘tiravergan. Vazir haq edi.
Qabulxonadan chiqqan Begmatovga FVV binosida axborot xizmatini qidirib yurgan yosh yigitcha, ya’ni men ro‘para kelib qoldim. Kapitan rosa xursand bo‘lib ketdi.
– Menga xuddi shu kerak edi! – dedi u, tayyorlagan ko‘rsatuvimni ko‘rib. Keyin ust-boshimga g‘alatiroq qaradi-da (kalta ishton – shortikda edim): «Ertaga tuzukroq kiyinib kel. Shim, ko‘ylak… Ministrning oldiga kiramiz», – dedi.
Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali o‘n besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir o‘qib o‘tirardi. O‘ziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qo‘ydi.
– Assalomu alaykum… – ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea bo‘ldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga o‘rganib qolgan ekanman. Vazir o‘rnidan turdi. Stolni aylanib o‘tib, menga qo‘lini uzatdi.
– Vaalaykum. Yaxshimisiz? – u shunday deb, o‘tirishga ishora qildi.
Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Kimsan vazir men – oddiy bir talaba bilan so‘rashish uchun o‘rnidan turdi-ya! Bu odamni o‘sha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha ko‘nglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.
Botir Rahmatovich materialni ko‘rib, juda mamnun bo‘ldi. Ishim unga yoqdi.
– Yashang! Endi qog‘oz-qalam olib, yozing. Mana bu joyida galstuk sal qiyshayib qopti, bunisida furajkani to‘g‘rilash kerak. Manavi yerga bunaqa kirib borilmaydi, bu tomondan emas, narigi tarafdan…
Vazirning gaplarini yoza turib, kayfiyatim tusha boshladi. Video gazeta uchun yozilgan reportajmas-ku, besh daqiqada o‘zgartirib tashlasam. Qiyshaygan bo‘yinbog‘ni to‘g‘rilash uchun o‘sha lavhani boshqatdan tasvirga olish kerak. U paytlari MTRKda hech kim o‘zicha kamera ololmas, texnika jurnalistlarga jadval bo‘yicha, navbati bilan berilardi. Olasan, qo‘l qo‘yasan, joyiga borib, tasvirga tushirib kelasan, xullas, o‘ziga yarasha tartib-qoidasi bor. Keyin hamma materialni montajda yig‘ib, render qilish kerak.
– Yozib oldingmi? Senga ertagacha muhlat.
Qanday ulgurganimni bilmayman-u, lekin epladim. Kechasi bilan uxlamadim. Ertalab tayyor qilib bordim.
– Barakalla! Faqat kecha manavi joyi esdan chiqibdi-da, shuniyam qo‘shib qo‘y, kechqurun ko‘rsatasan.
Vaqt kechagidan ham kam. O‘shanda hayotimda birinchi marta umuman iloji bo‘lmagan ishni qilib, kechgacha topshiriqni bajardim.
– Ana endi hammasi joyida, – dedi vazir. – Efirga beraver!
Kulib yuboray dedim.
– Botir Rahmatovich, men televideniyeda kichkina odamman. MTRK raisi u yoqda tursin, muharrir ham gaplashib o‘tirmaydi men bilan. Uni hatto ko‘rmayman ham. Lavha efirda ketishi uchun uning imzosi kerak.
– Yo‘g‘-e? – astoydil hayron bo‘ldi vazir. – Mayli, shuyam muammomi?..
U telefonda Ko‘chimovning4 raqamini terdi..
– Abdusaid aka, bizni qo‘llab turganingiz uchun rahmat, yigitlaringiz zo‘r ekan, juda yaxshi ko‘rsatuv tayyorlashibdi…
Ishxonada Furqat Zokirov meni qilich yalang‘ochlab kutib turgan ekan. Bu safar u butun Toshkentni boshiga ko‘tarib baqirdi. Men uni bir tiyinga olmay, ruxsatsiz, navbatsiz kamera olib chiqib ketibman. «Tirrancha, dumbul, ahmoq, eshshak… Menga yuqoridan bosim o‘tkazaman, deb o‘ylama!»
O‘sha kundan boshlab ikki o‘t orasida qoldim. FVVdagilar aytsa, lavha tayyorlab beraman, keyin direktor menga zahrini sochadi: har safar vazirlikdan qo‘ng‘iroq qildirib, texnika jadvalini buzarmishman.
Ish ko‘p, MTRKdan yarim kechasi qaytardim. «Navoiy» metro bekatidan oxirgi poyezd tungi 12:03 da jo‘nar, nima qilib bo‘lsayam, ulgurishim kerak edi. Bunaqa paytda metroda deyarli odam bo‘lmaydi, faqat farrosh xola kattakon shvabrasini perronning u boshidan bu boshiga sudrab yuradi, yana ikki militsioner mudrab o‘tiradi. Bekat bo‘m-bo‘sh, nimqorong‘i, ovozlar aks-sado beradi, o‘ziga xos hidi bor… Metroning hidini shunaqa yaxshi ko‘rardim-ki… Bu uyga qaytish hidi edi. Tonneldan keladigan shamol va yaqinlashayotgan poyezd chiroqlarini aytmaysizmi! U meni yana bir og‘ir ish kunidan ozod qilib, erkinlikka olib chiqadigandek tuyulardi. Hammasidan ko‘ra shu yoqimli edi.
Mening bekatim – eng oxirgisi. Shuning uchun ba’zan yo‘lda uxlab qolsam ham, kerakli bekatdan o‘tib ketmasdim. «Beruniy5 – oxirgi bekat. Vagondan chiqayotganda buyumlaringizni unutmang». Shu so‘zlarni eshitib, uyg‘onib ketardim.
Beruniyda soat tungi o‘n ikkidan keyin jamoat transporti qatnamas, Qoraqamishga6 yetib olish uchun taksichilar turgan «pitak»ka kelardim. Oxirgi manzil – Tansiqboyev ko‘chasi, to‘rt yo‘lovchi yig‘ilmaguncha, mashina yurmaydi. Men oldingi o‘rindiqqa joylashib, sovuq kunlari pechkani yoqishni so‘rardim va ryukzagimni quchoqlagancha boshqalarni kutib, uxlab qolardim. Taksi birpasda to‘lardi.
Ko‘pincha oxirida men qolardim. Haydovchilar har safar: «Tansiqboyevgacha deganding-ku, tush endi!» deb men bilan tortishar, men esa yana ikki yuz metr yurishim kerak edi. Qattiq charchaganimdan «Sal nariroqqa tashlab qo‘ying, aka» – deb yalinardim.
Uxlashdan ham ko‘ra tezroq ovqatlansam, derdim. O‘n ikki yo‘lakli uyimiz uzoqdan ko‘zimga kattakon bo‘lka non bo‘lib ko‘rinardi. Xayolan ustiga ikki parrak Yusupov pamildoridan qo‘yib, tuz separdim.
Ishdan ertaroq chiqsam, trolleybusda ketib, keyin yana ikki bekat piyoda yurardim. Maktabning yonidan shoshmasdan o‘tardim, lekin panjara tugab, qabriston devori boshlanganda yugurishga tushardim – atrof vahimali, qop-qorong‘i, salgina shitirlagan tovushdan yuragim yorilay deydi. Yugurganim yaxshi.